75 yoshli bemor filialimizga kuchli bosh aylanishi, quloqda shovqin, ko‘ngil aynishi shikoyatlari bilan murojaat qildi. Standart tekshiruvlardan so‘ng bemorda diagnostik angiografiya o‘tkazildi va uning natijasiga ko‘ra Yurak qon-tomir sistemasi multifokal shikastlanishi aniqlandi. Jumladan, yurak koronar tomirlari ko‘p tomirli shikastlanishi va uyqu arteriyalari ko‘p segmentli shikastlanishidir. Filial yetakchi musaxassislari ishtirokida konsilium o‘tkazildi va bemorda ochiq jarroxlik amaliyotida asoratlar xavfi yuqoriligi uchun bosqichma-bosqich endovaskulyar amaliyot o‘tkazishga qaror qilindi. Bemorda ichki uyqu arteriyalari ikki tomonlama S1 va S4 segmenilarida torayish aniqlanganligi va asosiy shikoyat bosh aylanishi bo‘lganligi sababli dastlab chap ichki uyqu arteriyasi stentlash amaliyoti o‘tkazildi. Ichki uyqu arteriyasi bosh miya ichki qismini stentlash murakkab endovaskulyar amaliyotlardan bo‘lib, jarroxdan mukammal ko‘nikma va nozik harakat talab qiladi. Sababi kichik xato bosh miya insultiga sabab bo‘lib, bemor nogironligi bilan tugashi mumkin. Ushbu amaliyot filialimiz intervension kardiologlari tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Bemorda bosh aylanishi va quloqdagi shovqin jarroxlik xonasidan chiqishi bilanoq kamaya boshladi va amaliyotning ertasi kuni butunlay yo‘qoldi. Bemorga axvoli qoniqarli holda uyiga javob berildi va keyingi bosqichda yurak koronar tomirlari endovaskulyar rekanalizatsiyasi rejali ravishda 1 oy ichida o‘tkazilishi tushuntirildi.