Dastavval Chiroqchi TTBda murakkab turdagi yurak qon-tomir kasalligi mavjud bo‘lgan bemorlar tumandagi mutaxassislar bilan birgalikda ambulator sharoitda ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularda shifokor ko‘rigi, jumladan EKG, EXOKG va zaruriy ko‘rsatmaga oid holatda bo‘yin arteriyalari ultratovush tekshiruvlari o‘tkazildi.
TTB terapiya bo‘limi qoshida mavjud bo‘lgan kardiologiya koykalarida statsionar davo muolajalari olayotgan bemorlar salomatligi ko‘zdan kechirildi, ularga zaruriy tavsiyalar berildi.
Shundan so‘ng uy sharoitida og‘ir ahvolda bo‘lgan, ko‘makka muhtoj, shifoxonaga kelish imkoni bo‘lmagan bemorlar ro‘yxati bilan tanishib, TTB boshlig‘i E.Arziev, o‘rinbosari O‘.Aslanov hamda RIKIATM Qarshi filiali direktori Ya.R.Axmatov boshchiligidagi ma’sul xodimlar bilan birgalikda ular holidan xabar olindi, EXOKG va shifokor ko‘riklari o‘tkazilib, kerakli tavsiyalar berildi. Bundan mamnun bo‘lgan bemorlar tibbiyotni xalqqa yaqinlashtirayotgan islohotlar boshida turgan Prezidentimizni duo qilishdi, shifokorlarga o‘zlarining samimiy minnatdorchiliklarini izhor qilishdi.
Shundan so‘ng filial shifokorlari tomonidan TTBda mavjud muammolar, hududdagi OShP, OP va davolash bo‘limlari faoliyati o‘rganildi. TTBda mavjud telemeditsina uskunasi bilan tanishildi va filial hamda TTB o‘rtasida masofaviy onlayn fikr almashish bo‘yicha zarur choralar belgilandi.
Prezidentimizning 2022 yil 26 yanvardagi «Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 103-sonli qarori ijrosi bo‘yicha tumanda olib borilayotgan ishlar o‘zaro tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish borasida kelishib olindi.
Bugun har bir fuqaro tibbiyotda amalga oshirilayotgan inson qadrini ulug‘lash yo‘lidagi islohotlar samarasini sezishi, yurakdan his etishi kerak. Filial jamoasi mana shu xayrli maqsadga erishish yo‘lida barcha imkoniyatlarini ishga soladi.