Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan keyingi yillarda mamlakatimizda kardiologiya va kardiojarrohlik sohasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Aholiga bu yo‘nalishda zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘ziga xos tizim yaratilgan. Dunyoning ilg‘or mamlakatlarida qo‘llanilayotgan eng noyob diagnostika va davolash texnologiyalari endilikda bizda ham mavjud.
Bugun Sirdaryo viloyat kardiologiya dispanserida viloyatda ilk marotaba yurakni karona tomirlari bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Bugunning o‘zida dispanserda 6 nafar bemorda stentlash amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Muassasaga yangi keltirilgan tibbiy uskunalar, apparaturalarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu ishlarning ham Muhtaram Prezidentimizning Sirdaryo ahliga qilayotgan e’tiborlari va g‘amxo‘rligining yorqin ifodasi sifatida ko‘rishimiz mumkin. Unda viloyat hokimi, Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari, malakali toshkentlik va sirdaryolik mutaxassislar ishtirok etishdi.
Viloyat kardiologiya dispanserida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2017-2018 yillarda investitsiya dasturi asosida 8,3 milliard so‘mlik qurilish-rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Bugungi kunda mazkur markazda 38599 nafar bemor ro‘yxatda turadi. Shulardan o‘tgan 2020 yil davomida 2775 nafar bemor davolanib chiqdi.
Avvallari viloyatimizda zamonaviy murakkab kardiojarrohlik amaliyotini o‘tkazishga shart-sharoitlar yo‘q edi. Yil davomida faqatgina 200 nafar bemorga poytaxtga yo‘llanma berish imkoniyati mavjud edi xolos. Sog‘liqni saqlash boshqarmasining hisob-kitoblariga ko‘ra, bugungi kunda viloyatda 3211 nafar yurak qon tomirlarini stentlash amaliyotiga muhtoj bo‘lgan bemorlar aniqlangan bo‘lib, endilikda ularga viloyatimizning o‘zida stent qo‘yish imkoniyati paydo bo‘ldi.
– Bugungi kunda Sirdaryo viloyati kardiologiya dispanserida viloyat bo‘yicha 38599 bemor ro‘yxatda turadi, – deydi sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Rustam Yuldashev. – Ularning 3211 nafari jarrohlik amaliyoti bilan bog‘liq tibbiy yordamga muhtoj. Ammo shu paytgacha yurak operatsiyasi va shu bilan bog‘liq amaliyotni bajarish imkoniyatiga ega emas edik.
Viloyat kardiologiya dispanseriga qo‘shimcha tarzda 1,6 millon AQSh dollariga teng miqdordagi 23 turdagi 88 dona zamonaviy tibbiyot jihozlari olib kelindi. Muassasada endovaskulyar xirurgiya bo‘limiga koronoroangiograf apparati o‘rnatildi. Ushbu angiograf apparati orqali bemorlarning yurak koronar qon tomirlari, uyqu arteriyalari va son arteriyalarini tekshiruvdan o‘tkazish, muhtoj bo‘lgan bemorlarga stent qo‘yish amaliyotini amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Buning samarasi o‘laroq viloyatda yurak ritmining murakkab buzilishini jarrohlik yo‘li bilan tiklash hamda ochiq yurakda jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Bu operatsiyalarni xorijda malaka oshirib kelgan o‘zimizning mutaxassislar Rossiya Federatsiyasidagi «Bakuleva» institutida tahsil olgan 1 nafar hamda Respublika ixtisoslashgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida malaka oshirib kelgan 2 nafar shifokorlar bajarmoqda.
Mutaxassislarning qayd etishicha, markaz kun davomida 10 dan ziyod bemorlarda kardiojarrohlik amaliyotini o‘tkazishi mumkin. Markazda mavjud ehtiyojdan kelib chiqib, 24 soatlik ish rejimiga o‘tish imkoniyati mavjud.
Zamonaviy tibbiyot apparatlarini foydalanishga topshirish marosimida so‘zga chiqqan mutasaddilar Muhtaram Prezidentimizning aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan say-harakatlarini aynan quyi tizimda boshlaganliklarini e’tirof etishdi va ushbu amaliyot tez fursatlarda o‘zining ijobiy samarasini berishini ta’kidladilar.