Mamlakatimizda ilk marotaba yurak koronar arteriyasiga “Magmaris” bioso‘riluvchan metal karkas implantatsiya qilindi.

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialida mamlakatimizda ilk marotaba yurak koronar arteriyasiga “Magmaris” bioso‘riluvchan metal karkas implantatsiya qilindi.

Bioso‘riluvchan karkaslar intervension kardiologiya sohasida “to‘rtinchi revolyusiya” hisoblanib, ular vaqt o‘tishi bilan yurak koronar arteriyasidan “g‘oyib” bo‘lishadi(ya’ni so‘rilib ketadi). Magmaris – metal(magniy), so‘riluvchan, sirolimus qoplangan karkasdir. Karkas ochiq katakchali tuzilishga ega bo‘lib, qalinligi 150 mkm ni tashkil qiladi.

Hozirgi kunga kelib ushbu karkasning 3.0 va 3.5 mm diametrli, 15, 20 va 25 mm uzunlikdagi o‘lchamlari mavjud. Maksimal bosim berilganda karkas diametri nominal ko‘rsatkichdan qo‘shimcha 0.6 mm gacha kengayadi. BIOSOLVE-IV prospektiv tekshiruv natijalariga ko‘ra, “Magmaris” bioso‘riluvchan metal karkasi 12 oygacha so‘rilib ketadi va karkas tromboz asorati uchrashi 0.3% ni tashkil qilgan.

         Markaz direktori t.f.d. Yuldashev N.P. boshchiligidagi intervension kardiologlar jamoasi Qo‘ziev F.A., Xolikulov S.Sh. va Norqulov M.S. lar tomonidan yurak ishemik kasalligi tashxisi bilan ikki bemor yurak koronar arteriyasiga “Magmaris” bioso‘riluvchan metal karkas implantatsiya qilindi. Ikkala amaliyot ham muvaffaqiyatli yakunlanib, bemorlarning ahvoli stabil holda palatasiga o‘tkazildi. Amaliyotdan keyingi erta bosqichda bemorlar reabilitatsiyasi yaxshi o‘tmoqda.